O‘zbekiston qonun hujjatlari: davlat tili talablariga qanchalik rioya qilinmoqda (2-qism)

Islomjon Mirzayev
Islomjon Mirzayev 20.09.2020, 05:26
  • Fuqarolik huquqi (umumiy masalalar)
  • 92
O‘zbekiston qonun hujjatlari: davlat tili talablariga qanchalik rioya qilinmoqda (2-qism)

O‘zbekiston qonun hujjatlari: davlat tili talablariga qanchalik rioya qilinmoqda (2-qism)

O‘zbekiston Respublikasining davlat tili – o‘zbek tili. Shundan kelib chiqib, qonun hujjatlariga nisbatan davlat tiliga oid bir qancha talablar mavjud. Ya’ni normativ-huquqiy hujjatlarning boshqa tilllardagi (masalan, rus, ingliz, ispan, arab, xitoy, fransuz, hind, yapon, nemis va h.k.) matni bo‘lish yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar o‘zbek tilidagi matni bo‘lishi kerak. Ushbular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 4-moddasida, “Davlat tili haqida”gi (yangi tahriri) Qonunda aniq qilib belgilab qo‘yilgan. Biroq bugungi kunda amaldagi holat shuni ko‘rsatmoqdaki, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda davlat tili qoidasi bilan bog‘liq turli darajadagi kamchiliklarni ko‘rishimiz mumkin.

Maqolaning birinchi qismida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari matnlarining davlat tilida e’lon qilinishi bilan bog‘liq kamchiliklar xususida mulohaza yuritilgan edi. Endi esa O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish va e’lon qilishda davlat tili qoidalariga qanchalik rioya etilayotganligi xususida so‘z yuritamiz.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi (yangi tahriri) Qonuni 8-moddasida O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinishi va e’lon etilinishi, bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinishi belgilangan. Ushbu moddada qayd etilgan qonunlar va boshqa hujjatlar o‘zi ichiga O‘zbekistonning normativ-huquqiy hujjatlarini ham, shunigndek, boshqa hujjatlarni ham qamrab oladi, albatta. Garchi bu “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” (yangi tahriri) Qonunda aks etmagan bo‘lsada. Aslida, aks etishi to‘g‘riroq bo‘lardi.

Shunga qaramasdan, bir qator boshqa hujjatlarda bu qoida mustahkamlangan. Xususan, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunning 26-moddasi beshinchi qismida qonun loyihasi va unga ilova qilinadigan hujjatlar qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan Qonunchilik palatasiga davlat tilida kiritilishi qoidasi mustahkamlab qo‘yilgan.

Garchi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 9-aprelda 2352-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Uslubiy ko‘rsatmalarda ko‘rsatilmagan bo‘lsada, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-martdagi 242-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentining 40-bandiga binoan Vazirlar Mahkamasi hujjatlari loyihalari Hukumatga davlat tilida, zarurat bo‘lganda — rus tili va boshqa tillarga tarjima qilinib kiritiladi. Vaholanki, Uslubiy ko‘rsatmalarda bunday qoida aks ettirilishi kerak edi. Xuddi quyidagi hujjatda bo‘lgani kabi.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 28-fevralda 2565-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalarining 74-bandida shunday deyilgan: “Idoraviy normativ-huquqiy hujjat davlat tilida qabul qilinadi. Bunda, hujjatning tarjimalari boshqa tillarda ham qabul qilinishi mumkin. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatning tarjimalari uning davlat tilidagi tahririga muvofiq bo‘lishi lozim.”. Xuddi shuningdek, ayni mazmundagi norma Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomda va 2016-yil 17-oktabrdagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining Namunaviy reglamentida ham belgilab qo‘yilishini taklif etish mumkin.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 1-fevralda 2420-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnomada ham davlat tili bilan bog‘liq qoidalar kiritilmagan.

Qonunda normativ-huquqiy hujjatni davlat tilida tarqatishga doir talab ham belgilangan bo‘lib, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasida davlat organlarining rasmiy veb-saytlariga huquqiy axborot davlat tilida joylashtirilishi kerakligi ta’kidlangan.

Mazkur hujjatlar va ulardagi davlat tiliga doir qoidalarni hech kim inkor etmaydi. Yuqorida keltirilgan ba’zi hujjatlarda davlat tili to‘g‘risidagi qoidalarning mavjud emasligi esa bu qoidaning umuman yo‘qligini anglatmaydi. Biz ularni tegishli qonunchilik tashabbusi subyektlari e’tiboriga yana bir bor etkazish va tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish nuqtai tazaridan taklif o‘laroq qayd etdik.

Davlat tiliga oid normalarni hujjatlarda mustahkamlab, qayd etish bu masalaning bir tomoni xolos. Qonunda normativ-huquqiy hujjatlarning davlat tilida qabul va e’lon qilinishi to‘g‘risida aniq qoidalar belgilab qo‘yilgan bo‘lsada, ayrim hujjatlar faqat rus tilida qabul qilinganligi so‘zimiz isbotidir. Xususan, Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi – www.lex.uz dagi 01.01.1991 – 12.09.2020 yillarda qabul qilingan Hukumat qarorlari o‘zbek tilida (krill alifbosida) 8900 dan ortiqni tashkil etadi (ma’lumotlar 12.09.2020 yil soat 14:40 holatiga). Ammo ulardan 1300 dan otig‘ining davlat tilidagi matni mavjud emas. Bundan tashqari, ushbu davr bo‘yicha www.lex.uz da mavjud bo‘lgan 4200 dan ortiq Prezident hujjatlarining 400 ga yaqinining, 7000 dan ortiq idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning 2000 dan ortig‘ining o‘zbek tilidagi matni mavjud emas. Albatta, bu raqamlar ichida normativ-huquqiy hujjat bo‘lmagan farmoyishlar yoki boshqa individual va tashkiliy xarakterdagi hujjatlar, shuningdek, o‘z kuchi va ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlar ham mavjud, biroq aksariyat qismi normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. Bular davlat tili umuman majud bo‘lmagan hujjatlar bo‘lsa, ko‘pgina hujjatlar ilovalarining ham davlat tilidagi matni yo‘q. Ular orasida muhim hujjatlar ham bor.

E’tirof etish kerakki, joriy yilda qonun hujjatlarini davlat tilida qabul qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, www.lex.uz da 2020-yilda Vazirlar Mahkamasinining faqat bitta hujjati – 2020-yil 23-apreldagi 247-son qarorining o‘zbek tilida matni mavjud emas. Qonunlar, Parlament va Prezident hujjatlarining barchasi davlat tilida qabul qilingan. Bunga Normativ-huquqiy hujjatlarning umumxalq muhokamasi portali – regulation.gov.uz saytida joylashtiriladigan loyihalarning davlat tilidagi matni mavjud bo‘lishi sharti qo‘yilganligi ham katta turtki berdi. Bundan keyin ham har bir normativ-huquqiy hujjatning davlat tilida qabul qilinishi shartiga og‘ishmay amal qilish zarur. Shuningdek, hujjatlarning ilovalarni faqat rus tilida bayon qilish amaliyotiga ham chek qo‘yish zarur.

Shuni ham qayd etish kerakki, “O‘zstandart” tomonidan hisobi yuritiladigan ko‘pgina texnik jihatdan tartibga solishga doir texnik hujjatlar ham asosan rus tilida. Endilikda texnik tusdagi hujjatlari ham davlat tilida bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz. Zero ular xalq xizmatiga yarasin.

Shu bilan birga, mutasaddi organlar yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ham ko‘rishi, ya’ni tegishli hujjatlarni o‘zbek tiliga tarjima qilishni amalga oshirishi kerak, deb hisoblaymiz. Buning uchun alohida vaqtinchalik tarjima komissiyasini tashkil qilish, yoki har bir organ tomonidan o‘z hujjatlarini tarjima qilish, yoki shartnoma asosida tarjimonlarni jalb qilish mumkin. Axir, O‘zbekistonda rus tilini bilandigan va hujjatlarni o‘zbekchaga o‘gira oladigan fidoyilar yetarlicha topiladi, faqat ularga shunday ezgu ishning boshi ko‘rsatilsa, bas. Dunyoning ta’limga katta e’tibor beradigan davlatlari o‘zga tillarda yozilgan adabiyotlarni ona tilisiga o‘girib berayotgan bir vaqtda, biz o‘z hujjatlarimizning davlat tilida bo‘lishini ta’minlashimiz – adolatdan bo‘ladi.

Bugungi kunda o‘zbek tilining davlat tili sifatida maqomini ko‘tarish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Jumladan, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-son “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi, unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Shuningdek, davlat organlarida rahbarning davlat tili bo‘yicha maslahatchisi lavozimlari joriy qilindi. Bugungi kunda davlat organlarida ish yuritishni boshqa tillar bilan birgalikda, albatta davlat tilida olib borishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Qonun talablaridan kelib chiqib va o‘zbek tilining davlat tili siftida mavqeini yuksaltirish, O‘zbekistonda yashaydigan ko‘p sonli o‘zbek xalqining normativ-huquqiy hujjatlar matnlari bilan o‘zbek tilida moneliksiz tanishish imkonini yaratish, fuqarolarning ular manfaatiga daxldor bo‘lgan hujjatlar mazmunidan xabardor bo‘lishiga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining barcha qonun hujjatlarini o‘zbek tilida e’lon qilinishini so‘rab qolamiz.

Xulosa shuki, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda davlat tili to‘g‘risidagi qoidalarga amal qilish yetarli darajada emas, yuqorida keltirilgan ayrim hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq. Asosiysi, davlat tilida mavjud bo‘lmagan hujjatlarning davlat tiliga tarjima qilish masalasi ko‘rib chiqilishi kerak.

 

Mirzaev Islomjon, huquqshunos

Boshqa xizmatlar

Saytda savol berishingiz mumkin, bundan tashqari telefon orqali konsultatsiya olishingiz hamda kerakli hujjatlarni buyurtma qilishingiz mumkin



50 000 so'mdan
Foydalanish

Telefon konsultatsiya

Telefon raqamizgizni qoldiring va mutaxasis siz bilan tez orada bog'lanadi.

80 000 so'mdan
Foydalanish

Hujjat buyurtma qilish

Yuridik hujjat uchun buyurtma bering va qisqa vaqtda natijaga erishing