Normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi va kuchga kirishi

Islomjon Mirzayev
Islomjon Mirzayev 13.09.2020, 21:31
  • Fuqarolik huquqi (umumiy masalalar)
  • 214
Normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi va kuchga kirishi

Normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi va kuchga kirishi

 

Mazkur maqolada norma ijodkorligining bir qismi sifatida normativ-huquqiy hujjatning rasmiy e’lon qilinishi va kuchga kirishi, unga doir qoidalar, kamchiliklar haqida mulohaza yuritiladi, normativ-huquqiy hujjatning rasmiy e’lon qilinishi va kuchga kirishiga oid qoidalarni takomillashtirish yuzasidan takliflar bildiriladi.

This article discusses the official publication and the entry into force of the normative-legal act as part of the creation of the norm, related rules, shortcomings; offers suggestions for development the rules of the official publication and the entry into force of the normative-legal act.

Norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotida “normativ-huquqiy hujjatning kuchga kirishi” tushunchasi tez-tez qo‘llaniladi va muhim ahamiyat kasb etadi. Biror-bir normativ-huquqiy hujjat qabul qilinar ekan, uning kuchga kirishi masalasi ham bo‘ladi. Bu hujjat kuchga kiritilmas ekan u amaliyotda qo‘llanilmaydi. Hujjatning kuchga kirishiga doir masalalar huquqiy ong va huquqiy madaniyatga ham ta’sir qiladi. Hujjatlar rasmiy manbalar orqali e’lon qilinsagina undan barcha xabar topadi, ya’ni, barcha xabar topa oladigan manbalarda e’lon qilinsa. Zero hujjatning rasmiy e’lon qilinishi va kuchga kirishi bir-biriga chambarchas bog‘liqdir. Bundan tashqari, hamma hujjatlar ham rasmiy e’lon qilinmaydi. Buning sababi ularning “maxfiy” yoki “xizmat doirasida foydalanish uchun” griflari ostida qabul qilinishidir. Xo‘sh, normativ-huquqiy hujjatlarni bunday griflar ostida qabul qilishning qonuniy asoslari mavjudmi? Qanday hujjatlar bu griflar ostida qabul qilinadi? Ularda jismoniy va yuridik shaxslar manfaatiga doir qoidalar mavjud emasmi? Ular qachon kuchga kiradi va qachon kuchini yo‘qotadi? Bunday griflar ostida qabul qilinmagan, oddiy hujjatlarning hammasi ham rasmiy e’lon qilinadimi?

Bir qarashda, yuqoridagi masalalar norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotida unchalik katta ahamiyatga ega emasdek. Ammo hamma sohada, ayniqsa, huquq ijodkorligi va uni qo‘llashda qonuniylik prinsipi amal qilishi kerak. Barcha hujjatlarning rasmiy e’lon qilinishi va kuchga kirishiga doir aniq qoidalar bo‘lishi hamda ularga amal qilinishi lozim. Bu huquqiy davlatga xos belgilardan biridir.

Keling, qonunlarimizda bu borada belgilangan ayrim normalar xususida tahliliy mulohazalar yuritaylik!

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 84-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy nashrlarda e’lon qilingach, yuridik kuchga ega bo‘ladi. Konstitutsiyada qonunning kuchga kirishi bilan bog‘liq umumiy qoida belgilangan. Aslida, faqat qonun emas, har qanday normativ-huquqiy hujjat rasmiy nashrlarda e’lon qilingach kuchga kiradi. To‘g‘ri, ba’zan hujjat yoki uning qismi rasmiy e’lon qilingan kunda emas, hujjatning o‘zida ko‘rsatilgan boshqa muddatda ham kuchga kirishi mumkin. Ammo, nima bo‘lganda ham, bu muddat rasmiy e’lon qilingandan keyin bo‘lishi kerak. Masalan, 07.09.2020 da rasmiy e’lon qilingan hujjat matnida hujjatning yoki uning ayrim normalarining 01.08.2020 da kuchga kirishi ko‘rsatilmaydi, bu mantiqqa ham zid.

Normativ-huquqiy hujjatlarning kuchga kirishi bilan bog‘liq qoidalar O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 24 dekabrdagi O‘RQ-342-son “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” Qonuni (yangi tahriri)ning 5-bobida belgilangan. Qonunning 28-moddasida normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda e’lon qilinishi kerakligi, rasmiy e’lon qilinmagan qonun asosida hech kim hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum qilinishi mumkin emasligi ta’kidlangan. Biroq nima uchun faqat rasmiy e’lon qilinmagan qonun asosida deyilmoqda? Ma’lumki, mazkur Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonunlardir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonun osti hujjatlaridir. Demak, qaysidir qonunosti hujjati asosida kimdir biron-bir huquqidan mahrum qilinishi mumkin ekanda. Yo‘q, mumkin emas. Shu sababli 28-moddaning ushbu jumlasini tegishli tartibda rasmiy e’lon qilinmagan qonun hujjati asosida deb o‘zgartirgan ma’qul.

Qonunning 30-moddasiga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, ular rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Mazkur moddada bir noaniqlikni tuzatib ketishni taklif qilgan bo‘lar edik. Masalan, 04.09.2020 da qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining qarorida chet eldan olib kelinadigan maishiy texnika vositalari uchun davlat bojini 10 %ga oshirish to‘g‘risidagi bandi 01.10.2020 dan kuchga kirishi ko‘rsatilgan bo‘lsin. Ammo hujjat noma’lum sabablarga ko‘ra, 10.10.2020 da rasmiy e’lon qilingan bo‘lsa, hujjatning o‘sha bandi qachondan kuchga kiradi? To‘g‘ri, bu holat amaliyotda kam uchrashi yoki bo‘lmasligi mumkin, lekin mavjud kamchilikni bartaraf etgan holda, 30-modda matnini quyidagi tahrirda bayon qilishni taklif etgan bo‘lardik: “Normativ-huquqiy hujjatlar, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, ular rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Agar hujjatlarning o‘zida ko‘rsatilgan muddat rasmiy e’lon qilish kunidan oldin bo‘lsa, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.”.

Hujjatlarni rasmiy e’lon qilinishi va qo‘llanilishi bilan bog‘liq yana bir masala —maxfiy va xizmat doirasida foydalanish uchun bo‘lgan hujjatlardir.

O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” Qonunida “maxfiy” va “xizmat doirasida foydalanish uchun” grifi ostida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida hech qanday qoidalar aks etmagan. Vaholanki, amaliyotda bunday normativ-huquqiy hujjatlar ko‘p uchraydi. Ma’lumki, Qonunning 29-moddasida normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manbalar keltirilgan, ushbu manbalardan boshqa manbalarda e’lon qilingan yoki umuman e’lon qilinmagan hujjatlar rasmiy yuridik kuchga ega emas. Bunday holatda, maxfiy yoki xizmat doirasida foydalanish uchun qabul qilingan hujjatlar qanday qilib kuchga kiradi? Afsuski, Qonunda mazukur masalalar yoritilmagan.

Bundan tashqari, Qonunda qanday hujjatlarning maxfiy yoki xizmat doirasida foydalanish uchun qabul qilinishi, ularda qanday qoidalar belgilanishi masalalari aniq ko‘rsatilishi kerak, deb hisoblaymiz. Chunki davlat organlari istagan hujjatini maxfiy yoki ochiq shaklda qabul qilishi mumkinligi demokratik tamoyillarga mutlaqo mos kelmaydi. Davlat organlari xalq tomonidan shakllantirilib, xalq uchun xizmat qilar ekan, demak, xalq ularning har bir qaroridan xabardor bo‘lishga va nazorat qilishga haqlidir. Faqatgina davlat siri bilan bog‘liq hujjatlargina e’lon qilinmasligi mumkin. Ammo maxfiy yoki xizmat doirasida foydalanish uchun qabul qilinayotgan hamma hujjatlar ham davlat siri bilan bog‘liqmi, bu noma’lum. Qancha hujjatning shunday tarzda qabul qilinganligi ham noma’lum. “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida” Qonunda ham ayni masala yoritilmagan. Albatta, bunday hujjatlar qabul qilinishi mumkinligini inkor etib bo‘lmaydi, biroq mavhumlik qisqartirilib, imkon qadar aniqlik kiritilishi tarafdorimiz.

Shuningdek, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning tizimli ochiq davlat hisobi yuritilishi kerak, deb hisoblaymiz. Ya’ni oddiy fuqaro, masalan, 2020-yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan nechta hujjat qabul qilinganligi, ularning qanchasi maxfiy, qanchasi xizmat doirasida foydalanish uchun, qanchasi ochiq tarzda ekanligini bila olsin. Bu normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining jamoatchilik nazoratida ham muhim o‘rin tutadi. Aslida-ku, normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi jamoatchilik nazoratining o‘zi bir alohida mavzu. Masalan, normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manbalardan bo‘lgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi —www.lex.uz saytida ayrim hujjatlarning mavjud emasligiga guvohi bo‘lishimiz mumkin. Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yilda qabul qilingan 7-, 12-, 33-sonli qarorlari mavjud emas (bu bir misol). Ochiq davlat hisobining yuritilishi nechta hujjat qabul qilingan, qanchasi maxfiy, qanchasi xizmat doirasida foydalanish uchun, qaysilari e’lon qilingan-u, qaysi hujjatlar shunchaki umuman e’lon qilinmaganligini kuzatish imkonini ham beradi. Bu borada yagona elektron rasmiy e’lon qilish manbai (masalan, lex.uz)ni qo‘llash foydalanuvchilar uchun quylaylik tug‘diradi.

Ta’kidlash kerakki, Vazirlar Mahkamasining qarorlari har yili 1-sondan boshlanadi va yil oxirida ma’lum bir son bilan tugaydi, aytaylik, 1049-son bilan. To‘g‘ri, Qonunning 29-moddasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining qarorlari e’lon qilinadigan rasmiy manba faqat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi bilan cheklanmaydi, 29-moddada bundan tashqari “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami”, “Xalq so‘zi” va “Народное слово” gazetalari ham nazarda tutilgan. Unda mazkur qarorlar (7-, 12-, 33-sonli qarorlar), balki, o‘sha manbalarda e’lon qilingandir. Ammo aholini huquqiy axborot bilan ta’minlashda www.lex.uz saytini qolgan manbalar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Amalda rasmiy manba sifatida xalq asosan www.lex.uz saytini biladi. Shu sababli ham barcha hujjatlar www.lex.uz sayti orqali e’lon qilinishi va hujjatlarning aniq va ochiq davlat hisobi yuritilishini, bu davlat hisobi faqat davlat uchun emas, fuqarolar uchun ham bo‘lishini taklif etamiz.

Yuqoridagi masalalar hal etilgach yoki ular bilan birgalikda yana bir masalaga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ma’lumki, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasi talablari asosida, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 1983-modda bilan to‘ldirilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlarni vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning mansabdor shaxslari tomonidan amalga kiritish, — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan (1 561 000 so‘m) o‘n baravarigacha (2 230 000 so‘m) miqdorda, takror sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan (1 561 000 so‘m) o‘n besh baravarigacha (3 345 000 so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda quyidagilar uchun ham javobgarlik belgilash jismoniy va yuridik shaxslarni normativ-huquqiy hujjatlar matnlari bilan ta’minlashda hamda huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadi:

rasmiy e’lon qilinishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy e’lon qilmaslik;

rasmiy e’lon qilinishi lozim bo‘lgan, biroq rasmiy e’lon qilinmagan normativ-huquqiy hujjatni amalga kiritish.

Mazkur javobgarlik turlarini 1983-moddani mantiqiy davom ettirgan holda moddaning o‘zida yoki alohida moddada ham ifodalash mumkin.

 

Mirzayev Islomjon, huquqshunos

Boshqa xizmatlar

Saytda savol berishingiz mumkin, bundan tashqari telefon orqali konsultatsiya olishingiz hamda kerakli hujjatlarni buyurtma qilishingiz mumkin



50 000 so'mdan
Foydalanish

Telefon konsultatsiya

Telefon raqamizgizni qoldiring va mutaxasis siz bilan tez orada bog'lanadi.

80 000 so'mdan
Foydalanish

Hujjat buyurtma qilish

Yuridik hujjat uchun buyurtma bering va qisqa vaqtda natijaga erishing

Preloader