O‘zbekiston qonun hujjatlari: davlat tili talablariga qanchalik rioya qilinmoqda (1-qism)

Islomjon Mirzayev
Islomjon Mirzayev 11.08.2020, 08:44
  • Fuqarolik huquqi (umumiy masalalar)
  • 480
O‘zbekiston qonun hujjatlari: davlat tili talablariga qanchalik rioya qilinmoqda (1-qism)

O‘zbekiston Respublikasining davlat tili – o‘zbek tili. Shundan kelib chiqib, qonun hujjatlariga nisbatan davlat tiliga oid bir qancha talablar mavjud. Yaʼni normativ-hujjatlarning boshqa tillardagi (masalan, rus, ingliz, ispan, arab, xitoy, fransuz, hind, yapon, nemis va h.k.) matni bo‘lish yoki bo‘lmasligidan qatʼi nazar o‘zbek tilidagi matni bo‘lishi kerak. Ushbular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 4-moddasida, “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunda aniq qilib belgilab qo‘yilgan. Ammo bugungi kunda normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda davlat tili qoidasi bilan bog‘liq turli darajadagi kamchiliklarni ko‘rishimiz mumkin.

Shulardan biri O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari matnlaridir. To‘g‘ri, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari normativ-huquqiy hujjat emas, ammo O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini eʼlon qilish bilan bog‘liq qoidalar belgilangan. Xususan, 29-moddada O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi (https://www.lex.uz) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari eʼlon qilinadigan rasmiy manba ekanligi, qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini eʼlon qilishning boshqa rasmiy manbalari ham belgilanishi mumkinligi mustahkamlangan. Bundan tashqari, autentik matnlari chet tillarda tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari davlat tilida eʼlon qilinishi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boshqa tillarda ham eʼlon qilinishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Yaʼni, Qonun talabiga ko‘ra, xalqaro shartnomalar qaysi tilda tuzilganidan qatʼi nazar davlat tili – o‘zbek tilida ham eʼlon qilinishi kerak. Ammo aslida ham shundaymi?! Afsuski, bunday emas. “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasiga amal qilinmaganidek, baʼzi Qonun hujjatlarining davlat tilidagi matni bo‘lmaganidek, ko‘pchilik O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarining va xalqaro tusdagi hujjatlarining ham o‘zbek tilidagi matni mavjud emas.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi – lex.uzda mavjud bo‘lgan o‘zbek krill alifbosidagi 1397 ta (22.06.2020 yil holatiga ko‘ra) xalqaro hujjatning 500 ga yaqinining davlat tilidagi matni yo‘q, bu umumiy hujjatlarning 35 % ini tashkil etadi. Masalan, “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga aʼzo davlatlarning axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risida”gi Bitimning, “Shanxay Hamkorlik Tashkilotining byudjetini shakllantirish va ijro etish tartibi to‘g‘risida”gi Bitimning, “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaning o‘zbek tilidagi matni yo‘q, yaʼni lex.uzda hujjatlar matni rus tilida yoki boshqa tilda berilgan. Aslida “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasiga asosan bunday hujjatlarning rasmiy tili qaysi til bo‘lishidan qatʼi nazar o‘zbekcha matni ham bo‘lishi lozim.

Bugungi kunda o‘zbek tilining davlat tili sifatida maqomini ko‘tarish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Jumladan, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi PF-5850-son “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi, unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Shuningdek, davlat organlarida rahbarning davlat tili bo‘yicha maslahatchisi lavozimlari joriy qilindi. Bugungi kunda davlat organlarida ish yuritishni boshqa tillar bilan birgalikda, albatta davlat tilida olib borishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, xalqaro shartnomalarni eʼlon qilishdagi vakolatli organ sifatida Tashqi ishlar vazirligining mazkur masalaga eʼtiborini tortmoqchimiz. Qonun talablaridan kelib chiqib va o‘zbek tilining davlat tili siftida mavqeini yuksaltirish, O‘zbekistonda yashaydigan ko‘p sonli o‘zbek xalqining xalqaro shartnomalar matnlari bilan o‘zbek tilida moneliksiz tanishish imkonini yaratish, fuqarolarning davlat nomidan tuzilayotgan xalqaro shartnomalar mazmunidan xabardor bo‘lishiga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining barcha xalqaro shartnomalarini o‘zbek tilida ham eʼlon qilinishini so‘rab qolamiz.

Huquqshunos I.Mirzayev

Boshqa xizmatlar

Saytda savol berishingiz mumkin, bundan tashqari telefon orqali konsultatsiya olishingiz hamda kerakli hujjatlarni buyurtma qilishingiz mumkin



50 000 so'mdan
Foydalanish

Telefon konsultatsiya

Telefon raqamizgizni qoldiring va mutaxasis siz bilan tez orada bog'lanadi.

80 000 so'mdan
Foydalanish

Hujjat buyurtma qilish

Yuridik hujjat uchun buyurtma bering va qisqa vaqtda natijaga erishing