Hammasi ham maxfiy emas: korxona haqidagi ma’lumotlarni tekshirish

Hamidulla Ziyoyev
Hamidulla Ziyoyev 07.12.2019, 21:21
  • Tadbirkorlik (biznes huquqi)
  • 948
Hammasi ham maxfiy emas: korxona haqidagi ma’lumotlarni tekshirish

Kim axborotga egalik qilsa, u dunyoni boshqaradi

Ma’lumot -axborotning qanchalik muhim ekanligi to’g’risida gapirishga hojat bo’lmasa kerak. “Axborot - eng kuchli qurol”, “Kim axborotga egalik qilsa, u dunyoni boshqaradi"  kabi gaplarni ko’p eshitganmiz. Bundan bir necha yil muqaddam biron tashkilot haqida oddiygina ma’lumot – kim ta’sischi ekanligini bilish uchun bir qancha idoralarga borishga to’g’ri kelgan bo’lsa, hozir zamonaviy texnologiyalar tufayli har qanday ma'lumotni bir zumda topish mumkin. Va hozirda "dunyoga egalik qilish" uchun maxsus bilim yoki qo'shimcha xarajatlar talab qilinmaydi. Ushbu maqolada tadbirkorlik faoliyati uchun foydali bo’lgan saytlar – davlat xizmatlarni tahlil qilamiz. Tushunarliroq bo’lishi uchun quyidagi misolga qarang: siz tovar ishlab chiqarasiz va odatda tovarlarni hamkorlarga pulini keyin to’lash sharti bilan berasiz. Yangi hamkor – “Goldenvalley” MCHJ sizdan tovar olish maqsadida murojaat qildi, siz ham biznesingiz kengayishidan manfaatdorsiz. Ammo yangi hamkorga ishonishga cho’chib turibsiz. Ushbu korxona haqida ma’lumotlarga ega bo’lmoqchisiz. Keling, mavjud ochiq ma’lumotlardan foydalanib shu tashkilot haqida ma’lumot to’plab ko’raylik. 

Biznes xatarlarini aniqlash: an’anaviy va ishonchli tahlil

Bir qancha saytlar tadbirkorlar reyestridan ma’lumotlarni taqdim etadi: Davlat statistika qo’mitasining reyestri, My.Gov.Uz saytining reyestri va Davlat soliq qo’mitasining tadbirkorlar reyestri. Ularning deyarli barchasida ma’lumotlar bir xil. Reyestrdan quyidagi ma’lumotlarni olishimiz mumkin:

  • STIR (Soliq to’lovchining identifikatsion raqami)
  • Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ (qayerda tashkil etilgani) 
  • Roʻyxatga olingan sana
  • Yuridik shaxsning nomi (to’liq va qisqa) 
  • Mulkchilik shakli
  • Amalga oshirilayotgan faoliyat tur(lar)i)
  • Kichik tadbirkorlik subyektlariga tegishliligi
  • Ustav fondi miqdori 
  • Bugungi kundagi rahbarining F.I.O.i va STIRi
  • Taʼsischilar va ularning ustav fondidagi ulushi haqida maʼlumotlar
  • Aloqa ma’lumotlari (manzil, telefon, elektron pochta va hkz)

Yangi hamkordan olgan ma’lumotlarni solishtirib ko’rishimiz, ularning aniqligini tekshirishimiz mumkin.  Masalan, yangi hamkor suhbatda ushbu firma 10 yill avval tashkil topganini bayon qilganini esladingiz, reyestrda esa 9 yil avval ro’yxatga olingan ekan. Ammo bu shubhali emas. Hozircha xavotirli ma’lumot topmadik. Davom etamiz.

Shaffof biznes: chuqurroq tekshiramiz...

Yaqinda Davlat soliq xizmati bir qator ma’lumotlarni berish xizmatlarini ishga tushirdi. Yagona markazlashgan holatda bu ma’lumotlar to’plab berilmasa-da, bir qancha sahifalardan quydagi malumotlarni topish mumkin:

  • Bir necha yuridik shaxslarda (firmalarda) rahbarlik qilayotgan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (hamkoringiz bir vaqtda bir nechta korxonada rahbar ekanligini aniqlashingiz mumkin, agar bir qancha korxonani yuritayotgan bo’lsa, uning boshqa korxonalari haqida ham ma’lumotlarni bilish zarar qilmaydi);
  • Bir necha yuridik shaxslarga taʼsischi sifatida roʻyxatga olingan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (asosan bir faoliyat bilan shug’ullanadigan, unchalik katta bo’lmagan faoliyat uchun bir qancha yuridik shaxs tashkil etganligi shubhali, albatta);
  • Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi va bu qonunbuzarlik  uchun qoʻllanilgan javobgarlik choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
  • QQS soliq to’lovchilari ro’yxati;
  • Yirik soliq to’lovchilar ro’yxati (hamkorimiz O’zbekistondagi yirik korxonalardan biri bo’lib chiqsa, bu ko’plab gumonlarni tarqatib yuboradi);
  • Tekshiruvdan so'ng, biz yangi hamkor haqida hech qanday shubhali ma’lumot topmadik. Aniqlaganlarimiz: o'tgan kalendar yilidagi o'rtacha ishchilari soni 2 kishiga teng.  Shuningdek, ta’sischi bir vaqtning o’zida yana boshqa bir yuridik shaxsning ham ta’sischisi, ammo u tashkilot rahbari boshqa ekan. 

Menga sud ishini ko’rsating, men sizga kimligingizni aytaman

Hozirda O’zbekistonda sud ishlarining umummilliy bazasi yo’lga qo’yilgan. Ushbu tizim https://public.sud.uz/ manzilida joylashgan. U yerda 4 turdagi umumiy yurisdiksiya sudlarida ko’rib chiqilgan ishlar orasidan o’zingizga kerakli tashkilot yoki shaxs bilan bog’liq ishni topishingiz mumkin. 

Hamkorimiz yuridik shaxs bo’lganligi uchun bizni ko’proq fuqarolik va iqtisodiy sud ishlari qiziqtiradi.  Sudlanuvchi sifatida "Goldenvalley" MChJ bilan bog'liq iqtisodiy ishlar mavjud emas, ammo bu hali hech narsani anglatmaydi. Chunki korxona jismoniy shaxslar bilan ham munosabatlarga kirishgan bo’lishi mumkin.  Fuqarolik sud ishlari orasidan mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan yetkazib berish muddatini buzganligi sababli sud tomonidan belgilangan va fuqaroning foydasiga munosib jarima undirilganligi, shuningdek, moddiy bo'lmagan zarar uchun jarima va kompensatsiya undirilganligi ma'lum bo'ldi. Ko’z oldimizda yanada yirikroq manzara – korxonaning tasviri gavdalanmoqda. 

Afsuski, hozirda sud ishlari bilan bog’liq axborot bazalarini STIR orqali qidirish imkoniyati yo’q. Shu boisdan imkon qadar korxona nomini turli shakllarda (qisqa, to’liq, lotin alifbosida, kirill alifbosida va hkz) qidirib ko’rishni tavsiya qilamiz.

Qarzi borga qarz berma

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining rasmiy saytida yuridik shaxslarning qarzdorligi bor yoki yo’qligini aniqlash xizmati mavjud. Biz yuqorida aniqlagan STIR yordamida ushbu korxonada ijro etishi lozim bo’lgan sud qarorlari borligini ko’rishimiz mumkin.  “Goldenvalley” MCHJ bir yil avval chiqarilgan sud qarorini bajarmaganligi haqidagi ma’lumot bizga yetarlicha shubha beradi. Ishonchim komilki, bunday korxona bilan haqqini keyin to’lash sharti bilan tuzilgan shartnoma o’z vaqtida, muammolarsiz amalga oshmaydi. 

Yana nimalarni topish mumkin?

Hozircha bizda topish mumkin bo’lgan ochiq ma’lumotlar boshqa davlatlarga qaraganda ancha cheklangan, ammo yana quyidagi tizimlarni qidirib ko’rish mumkin:

Agar hamkor o’z faoliyati bilan bog’liq biron uyushma yoki tashkilotga a’zo ekanligini bilsangiz o’sha tashkilotlarning saytlaridan ham ma’lumot izlab ko’rish foydali. Masalan, ITga aloqador faoliyatdagi korxonalarning aksariyati “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining rezidenti hisoblanishadi yoki ko’plab elektro-texnika sohasidagi korxonalar “O’zeltexsanoat” atrofida birlashgan. 

Davlat xizmatlari agentligining birdarcha.uz saytidan yuridik shaxslarning qayta tashkil etilishlari haqida ma’lumotlarni topish mumkin. Masalan, yaqin orada bir nechta korxona “Goldenvalley” MCHjga qo’shilgan bo’lsa, bu korxona yaqin orada tugatilishi ehtimoli borligini anglatadi. Chunki amaliyotda korxonani tugatish biroz murakkab bo’lgani bois, ayrim biznes yuristlar bir nechta korxonani bittaga birlashtirib, keyin bitta korxonani tugatishni amalga oshiradilar. 

Garov reyestri saytidan garovga qo’yilgan mol-mulklar haqida ma’lumot topish mumkin. Hamkoringizning mol-mulki garovga qo’yilgan bo’lsa, bu haqda yomon xulosa qilishga shoshmaslik kerak. Balki korxona rivojlanish jarayonida bankdan kredit olgan bo’lishi ham mumkin. 

Bundan 2 yil avval tekshirishlar.uz sayti mavjud edi va bu sayt orqali qaysi korxona qachon tekshirilgani va tekshiruv natijalari haqida ma’lumot olish mumkin edi. Ammo hozirda bu sayt ishlamaydi. Shuningdek, yuqorida ko’rsatilgan saytlardagi ma’lumotlar ham tez-tez yangilanmaydi, ya’ni, boshqa vositalar yordamida tekshirish imkoni bo’lsa, faqat shu ma’lumotlarga asoslanib xulosa qilmang. 

Xulosa

Ko’plab ma’lumotlar kundan-kunga ochiqlanayotgan, tadbirkorlik uchun xizmatlar ko’payotgan bo’lsa-da, ma’lumot olishga qaraganda o’zingiz rahbarlik qiladigan yuridik shaxs uchun turli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari ko’proq. My.gov.uz saytida yuridik shaxslar uchun imkoniyatlar salmoqligina. Masalan, sudlarga onlayn da’vo arizalari topshirishingiz, deyarli barcha turdagi litsenziyalarga onlayn ariza berish, soliq hisobotlarini yuborish, tekshirishlar haqida oldindan xabardor bo’lib turish har doim foydadan xoli emas. Rejalashtirilgan tekshirishlar haqida ma'lumot ham foydali bo'ladi. Ular uchun tayyor bo'lish shunchaki zarurdir. 

Qulay bo’lishi uchun hozircha bizga ma’lum davlat xizmatlari ro’yxatini havola qilamiz:

Boshqa xizmatlar

Saytda savol berishingiz mumkin, bundan tashqari telefon orqali konsultatsiya olishingiz hamda kerakli hujjatlarni buyurtma qilishingiz mumkin



50 000 so'mdan
Foydalanish

Telefon konsultatsiya

Telefon raqamizgizni qoldiring va mutaxasis siz bilan tez orada bog'lanadi.

80 000 so'mdan
Foydalanish

Hujjat buyurtma qilish

Yuridik hujjat uchun buyurtma bering va qisqa vaqtda natijaga erishing