Diqqat! Sayt test rejimida ishlayapti. Agar xato topsangiz, shu havolani bosing.
(99) 837-37-77 yoki Help Icon
Ro'yxatdan o'tish | Kirish

Блог юристов

Sud xarajatlari nimalardan iborat?

Автор: Manager
Dec 30, 2017

Boshiga tashvish tushib, sudga murojaat qilishga qaror qilgan odamni da’vo arizasi kiritish uchun to‘laydigan davlat boji, ishni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq boshqa harajatlar miqdori ko‘proq qiziqtiradi. Shuni inobatga olib, fuqarolik protsessida sud harajatlarining qanday belgilanishi, tartib-qoidalari haqida ma’lumot berishga qaror qildik.

Davlat boji

Fuqarolik protsessual kodeksi (FPK)ning 103-moddasi, Oliy sud Plenumining 2009 yil 24 noyabrdagi “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorida fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlari davlat boji va ishni ko‘rish bilan bog‘liq chiqimlardan iborat ekani belgilangan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha davlat bojini to‘lash bilan bog‘liq munosabatlar Soliq kodeksining XVII bo‘limi, FPKning o‘ninchi bobi, Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi “Davlat boji stavkalari to‘g‘risida”gi va 1993 yil 19 avgustdagi “Xorijiy valyutadagi davlat bojlari, yig‘imlar va soliq bo‘lmagan boshqa to‘lovlar stavkalari to‘g‘risida”gi qarorlari bilan tartibga solinadi.
Soliq kodeksining 326-moddasida qayd etilishicha, davlat boji deganda yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun olinadigan majburiy to‘lov tushuniladi. U boshqa majburiy to‘lovlar qatorida davlat byudjetini shakllantirishning tarkibiy qismini tashkil etadi. Shuning uchun sudlar fuqarolik ishlari bo‘yicha bojlarni undirishga doir qonun talablariga so‘zsiz rioya etishadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha davlat boji quyidagilardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorda undiriladi:
— birinchi instansiya sudiga beriladigan sud buyrug‘i chiqarish haqidagi arizalardan, da’vo arizalaridan, davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek, mansabdor shaxslar xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyatlardan, alohida tartibda yuritiladigan ishlar bo‘yicha arizalardan, hakamlik sudi hal qiluv qarorlari bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha arizalardan;
— apellyatsiya, kassatsiya shikoyatlaridan, sud qarorlari ustidan nazorat tartibida protest keltirish to‘g‘risidagi arizalardan;
— sud hujjatlarining nusxalarini berganlik uchun.
Davlat boji agar qonunda boshqacha holat ko‘zda tutilmagan bo‘lsa (masalan, to‘lovchi bojni to‘lashdan ozod qilingan, boj to‘lash kechiktirilgan yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lanadigan hollarida), da’vo arizasi, ariza va shikoyat sudga berilgunga qadar to‘lanadi, Davlat boji naqd pulsiz shaklda to‘langani fakti bankning to‘lov topshiriqnomasi, naqd pul bilan to‘langanda esa bank kvitansiyasi yoki Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi belgilagan shaklda davlat bojini qabul qilgan tashkilot yoki mansabdor shaxs tomonidan to‘lovchiga beriladigan kvitansiya bilan tasdiqlanishi kerak.
Sudga mulkiy nizo bo‘yicha da’vo bahosi chet el valyutasida ko‘rsatilgan da’vo arizasi berilganda, davlat boji Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan stavkalar va tartibda chet el valyutasida undiriladi. Agar muayyan sudda ko‘rilishi kerak bo‘lgan bir necha arizalar bo‘yicha boj bir to‘lov topshiriqnomasi bilan to‘langan bo‘lsa, to‘lov topshiriqnomasi ishlardan biriga ilova qilinadi. Qolgan ishlarga sudya tomonidan to‘lov topshiriqnomasi sanasi va raqami ko‘rsatilgan asosda to‘lov topshiriqnomasi qo‘shib qo‘yilgan ishga havola qilingan holda boj to‘langani to‘g‘risida belgi qo‘yiladi (ma’lumotnoma tuziladi).

Da’voning bahosi

Fuqarolik ishlarining alohida toifalari bo‘yicha da’vo bahosini belgilashning xususiyatlari FPKning 105-moddasida nazarda tutilgan. Unga ko‘ra da’voning bahosi quyidagicha belgilanadi:
— pul undirish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha — undiriladigan summaga qarab;
— mulk talab qilish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha — da’vo qilinayotgan mulkning qiymatiga qarab;
— bir qancha mustaqil talablardan iborat da’volar bo‘yicha — hamma talablarning umumiy summasiga qarab;
— aliment undirish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha — bir yillik to‘lovlarning yig‘indisiga qarab;
— muddatli to‘lovlar va pul berish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha — to‘lovlarning yoki beriladigan pullarning yig‘indisiga qarab, lekin ko‘pi bilan uch yillik yig‘indisiga qarab;
— muddatsiz yoki umrbod to‘lovlar va pul berish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha — to‘lovlarning yoki pullarning uch yil ichidagi yig‘indisiga qarab;
— to‘lovlarni yoki pul berishni kamaytirish yoxud ko‘paytirish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha — to‘lovlar yoki beriladigan pullar kamaytiriladigan yoki ko‘paytiriladigan summaga, lekin ko‘pi bilan bir yillik summaga qarab;
— to‘lovlarni yoki pul berishni to‘xtatish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha — qolgan to‘lovlar yoki pullar yig‘indisiga, lekin ko‘pi bilan bir yillik yig‘indisiga qarab;
— mulk ijarasi shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish haqidagi da’volar bo‘yicha — shartnoma amal qilishining qolgan muddatida mulkdan foydalanish uchun to‘lanadigan to‘lovlarning, lekin ko‘pi bilan uch yil ichidagi to‘lovlarning yig‘indisiga qarab;
— xususiy mulk huquqi asosida fuqarolarga tegishli imoratlarga egalik huquqi to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha — imoratning haqiqiy qiymatiga qarab, lekin bu miqdor inventarizatsiya bahosidan, inventarizatsiya bahosi bo‘lmaganida esa majburiy sug‘urta bahosidan kam bo‘lmasligi kerak, tashkilotlarga qarashli imoratlarga doir da’volar bo‘yicha esa imoratlarning haqiqiy bahosidan kam bo‘lmasligi kerak.
Da’voning bahosi da’vogar tomonidan ko‘rsatiladi. Da’vogar ko‘rsatgan baho da’vo qilinayotgan mulkning haqiqiy qiymatiga muvofiq emasligi yaqqol ko‘rinib tursa, da’voning bahosini sudya belgilaydi. Da’vo taqdim etilgan vaqtda uning bahosini belgilash qiyin bo‘lsa, davlat bojining miqdorini sudya dastlabki tarzda belgilaydi va keyinchalik ishni hal qilish vaqtida sud belgilagan da’vo bahosiga muvofiq bojning kam qismi undiriladi yoki ortiqcha olingan qismi qaytariladi.
Shu o‘rinda aliment undirish to‘g‘risidagi da’volar misolida da’vo bahosi qanday belgilanishini atroflicha tushuntirib o‘tsak. Yuqorida qayd etilganidek, aliment undirish haqidagi barcha da’volardan (bola, ota-ona, er-xotin va boshqalar ta’minoti uchun) boj 12 oy uchun aliment to‘lovlari jami summasidan (agar aliment undirilgan muddat 12 oydan oshmasa, shu davr uchun aliment to‘lovlari umumiy summasidan) hisoblab chiqiladi. To‘lovlar miqdori javobgarning oxirgi ish joyidagi o‘rtachaga oylik ish haqi (daromadi)dan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Deylik, javobgar ishlamaydi. Bunday vaziyatda davlat bojini hisoblash uchun to‘lovlar miqdori o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Aliment qarzini to‘lashdan ozod qilish, aliment miqdorini o‘zgartirish (kamaytirish yoki ko‘paytirish) haqidagi da’volar bo‘yicha boj to‘lovlar kamaygan, ko‘paygan yoki bekor qilingan, lekin bir yildan ortiq bo‘lmagan davr uchun belgilangan summadan kelib chiqqan holda belgilanadi va da’vogardan undiriladi.

Bojni belgilash va undirish tartibi

Davlat boji miqdori arizachi sudga murojaat qilayotgan talabning xususiyatiga (mulkiy yoki nomulkiy) bog‘liq bo‘ladi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan stavkalar bo‘yicha aniqlanadi. Arizachining talabi mulkiy xususiyatga ega bo‘lgan hollarda davlat boji miqdori da’vogar tomonidan ko‘rsatiladigan da’vo bahosidan kelib chiqqan tarzda belgilanadi va sudya tomonidan FPKning 105–106-moddalariga muvofiq tekshiriladi.
Bir vaqtning o‘zida mulkiy va nomulkiy xarakterga ega bo‘lgan mustaqil talablardan iborat bo‘lgan arizalardan davlat boji har bir talab alohida, mulkiy va nomulkiy xarakterdagi arizalar uchun belgilangan tegishli stavkalar bo‘yicha undiriladi. Masalan, nikohdan ajratish va mol-mulk haqidagi talab bitta da’vo arizasida qo‘yilganda yoki bitta ishga birlashtirilganda, davlat boji har bir talab bo‘yicha alohida undiriladi.
Soliq kodeksining 336-moddasida belgilanishicha, mulkiy nizo bo‘yicha sudga da’vo arizasi berilganda, shuningdek, mol-mulkning oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash shartnomasini notarial tartibda tasdiqlashda, merosga bo‘lgan huquqni rasmiylashtirishda, agar da’vo qiymati, shartnoma summasi yoki meros miqdori chet el valyutasida belgilansa, davlat boji qonun hujjatlarida belgilangan hollarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda chet el valyutasida undirilishi mumkin.
Sud amaliyotida da’vogar o‘zining talablarini kamaytirgan, arz qilgan talablaridan voz kechgan, taraflar ishni kelishuv bitimi bilan tamomlagan holatlar ham uchraydi. Bunday hollarda to‘langan boj qayta hisoblab chiqilmaydi va qaytarilmaydi. Arz qilingan talablar ko‘paytirilganda yetishmagan summa da’voning ko‘paytirilgan bahosiga muvofiq ravishda qo‘shimcha tarzda to‘lanadi. Shuningdek, da’vo summasi ko‘paytirilganda ham davlat bojining yetishmayotgan summasi da’vo miqdorining ko‘paytirilgani inobatga olingan bahosiga muvofiq undiriladi.
Soliq kodeksining 337-moddasiga muvofiq davlat boji quyidagi hollarda umumiy asoslarda undiriladi:
— qarshi da’vo arizalaridan;
— uchinchi shaxslarning ishga mustaqil davr talablari bilan kirishgani to‘g‘risidagi arizalardan.
Sud dastlabki da’vogarni uning roziligi bilan boshqa shaxs bilan almashtirganda yoki ishdan dastlabki da’vogar chiqib ketgan yoxud u huquqiy voris bilan almashtirilganda, boj dastlabki da’vogar tomonidan to‘lanmagan bo‘lsa, ishga kirishgan shaxsdan yoki huquqiy vorisdan undiriladi.
Da’vo bir necha da’vogar tomonidan birgalikda bir yoki bir necha javobgarga nisbatan taqdim etilganda boj da’voning umumiy summasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi va da’vogarlar tomonidan ular qo‘ygan talablar ulushiga mutanosib tarzda to‘lanadi.
Bir da’vogar tomonidan bir necha javobgarga nisbatan da’vo taqdim etilganda ham, shuningdek, sudya tomonidan bir turdagi bir necha talab bir ish yuritishga birlashtirilganda ham boj da’voning umumiy summasidan kelib chiqqan holda undiriladi.
Birlashtirilgan bir yoki bir necha da’vo talablari sudya tomonidan alohida ish yuritishga ajratilganda, qonunchilik talablariga muvofiq to‘langan boj qayta hisoblab chiqilmaydi va qaytarilmaydi. U alohida ajratilgan ish yuritish bo‘yicha hisobga olinadi, bu haqda sudya tomonidan tegishli ma’lumotnoma tuziladi va ish materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
Agar sud tomonidan hal qiluv qarori chiqarilayotganda umumiy da’vo summasi oshsa, boj da’voning oshgan summasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi. Bunda kelib chiqqan farq davlat foydasiga da’vogardan, da’vo to‘liq qanoatlantirilganda esa javobgardan undiriladi. Da’vo qanoatlantirilgan va javobgarlar zimmasiga solidar javobgarlik yuklatilganda, sud javobgarlardan davlat bojini ham solidar undiradi. Bu qoida fuqarolik ishini ko‘rish bilan bog‘liq chiqimlarni undirishga ham tatbiq etiladi, protsessual ishtirokchining talabi bilan va faqat uning manfaatida amalga oshirilgan protsessual harakatlar uchun qilingan va boshqa protsessual ishtirokchilar tomonidan qoplanmaydigan xarajatlar bundan mustasno.
Sud tomonidan ilgari ko‘rmasdan qoldirilgan takroran berilgan arizalar bo‘yicha boj qaytadan to‘lanadi (biroq FPKning 97-moddasi 1-bandiga asosan ariza ko‘rmasdan qoldirilgan hollar bundan mustasno). Agar ariza ko‘rmasdan qoldirilgani munosabati bilan boj qaytarilishi kerak bo‘lgan, lekin qaytarilmagan va boj byudjetga o‘tkazilgan kundan e’tiboran fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq da’vo muddati tugamagan bo‘lsa, boj to‘langani to‘g‘risidagi dastlabki hujjat takroran berilgan arizaga ilova qilinishi mumkin. Shu bilan birga, Soliq kodeksining 337-moddasiga ko‘ra arizani qabul qilishni rad etish yoki ish yuritishni tugatish asoslari bartaraf etilgandan so‘ng takroran berilgan arizaga boj to‘langani haqidagi dastlabki hujjat ilova qilinishiga yo‘l qo‘yiladi.

Davlat bojini to‘lamaslik mumkinmi?

Ha, mumkin. Sud jismoniy shaxsni sud xarajatlarini, shu jumladan, davlat bojini to‘lashdan ozod qilish huquqiga ega. Bundan tashqari, ham jismoniy, ham yuridik shaxsdan davlat foydasiga undiriladigan bunday xarajatlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash va miqdorini kamaytirishga ham haqli. Sud bu masalani hal etishda ularning mazkur xarajatlarni qisman yoki bir yo‘la to‘lashga qurbi yetmasligini tasdiqlovchi asoslar (masalan, ish haqi (daromadi), mablag‘i mavjudligi, uning egaligida bo‘lgan mulk soni va qiymati, voyaga yetmagan farzandlari, boshqa boqimandalari borligi va h.k. to‘g‘risida ma’lumotlarni) mavjudligini tekshiradi. Asosli sabab bo‘lgandagina ijobiy qaror qabul qilishi mumkin.
Sudga boj to‘lanmagan ariza kelib tushganda, Soliq kodeksining 337-moddasiga binoan sudya arizachi qonun bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan-qilinmaganini tekshiradi. Agar arizachi boj to‘lashdan ozod qilinmagan va arizada uni to‘lashdan ozod qilish haqida iltimos mavjud bo‘lmasa, sudya arizani harakatsiz qoldirish haqida ajrim chiqaradi. Ajrimda to‘lanishi lozim bo‘lgan boj summasi, uni to‘lash muddati va FPKning 154-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan to‘lamaslik oqibatlari ko‘rsatiladi. Agar arizachi qonunga ko‘ra davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmagan, ammo arizada uni to‘lashdan ozod qilish haqida iltimos qilgan bo‘lsa, sudya FPKning 110-moddasiga rioya etgan holda fuqaroni boj to‘lashdan ozod qilish haqida ajrim chiqaradi, rad etilganda, shu ajrim bilan ariza harakatsiz qoldiriladi.
Davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan da’vogar tomonidan taqdim etilgan da’vo to‘liq yoki qisman qanoatlantirilganda, boj qanoatlantirilgan da’vo summasiga mos tarzda javobgardan (agar u davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmagan bo‘lsa) davlat foydasiga undiriladi. Bojni to‘lashdan ozod qilingan bir necha da’vogarlar tomonidan bir necha javobgarlarga nisbatan taqdim etilgan da’vo to‘liq yoki qisman qanoatlantirilganda, u har bir javobgardan alohida, undan undirilgan summadan kelib chiqqan holda davlat foydasiga undiriladi. Davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan da’vogar o‘z da’vo talablaridan ular javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘liq yoki qisman qanoatlantirilgani oqibatida voz kechgani sababli ish yuritish tugatilgan hollarda, boj sud ajrimiga asosan javobgardan davlat foydasiga undiriladi.

Qanday hollarda davlat boji qaytariladi?

Davlat boji quyidagi hollarda qisman yoki to‘la qaytarilishi kerak:
— qonun hujjatlari bo‘yicha talab qilinganidan ortiq boj to‘langan bo‘lsa;
— arizani (shikoyatni) qabul qilish rad etilgan bo‘lsa;
— arizalar (shikoyatlar) FPKning 154-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha da’vogarga qaytarib berilsa;
— ish sudga taalluqli bo‘lmagani sababli (FPKning 100-moddasi 1-bandi) ishni yuritish tugatilgan bo‘lsa;
— ariza muomalaga layoqatsiz shaxs tomonidan berilgani sababli (FPKning 97-moddasi 1-bandi) ko‘rmasdan qoldirilgan bo‘lsa.
Davlat boji FPKning 119- va Soliq kodeksining 342-moddalarida ko‘rsatilgan asosda qaytariladi. Boj qonunda talab qilinganidan ortiqcha miqdorda to‘langan bo‘lsa, shu ortiqcha to‘langan qismi qaytariladi. Qonunda qayd etilgan boshqa hollarda boj to‘liq miqdorda qaytarilishi lozim. Boj byudjetga o‘tkazilgan kundan boshlab bir yillik muddat o‘tmagan bo‘lsa, sudyaning ajrimi asosida moliya organlari tomonidan qaytariladi. Agar da’vogar bojni to‘lab, sudga ariza bilan murojaat qilmagan bo‘lsa, sudning ushbu holatni tasdiqlovchi ma’lumotnomasi bojni qaytarib berish uchun asos bo‘ladi

.
Bahrom Ablahatov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudi sudyasi

Tahlil
  • Поделиться

0 комментарии


Нравится журнал? Подпишись!

Самое интересное 2 раза в месяц на ваш e-mail