Diqqat! Sayt test rejimida ishlayapti. Agar xato topsangiz, shu havolani bosing.
(99) 837-37-77 yoki Help Icon
Ro'yxatdan o'tish | Kirish

Блог юристов

Huquqshunos(advokat) kasbi haqida 5 yolg’on

Автор: Hamidulla
Sep 10, 2017

Hozirda, ham professional advokatlar, ham endi faoliyatini boshlayotganlar o’z kasblaridan ko’ngli to’lmayotganligini, hafsalasi pir bo’lganligini ko’p uchratamiz.

Amerika Advokatlar Assotsatsiyasi (ABA) tomonidan 2008 yilda o’tkazilgan tadqiqot shuni ko’rsatmoqdaki,  so’rovnomada ishtirok etgan advokatlarning yarmidan ko’pi o’zlarining kasblaridan qoniqmasligini bayon qilishgan. 

Kasb tanlashda xato qilmaslikning eng yaxshi yo’li – yurisprudensiyada ishlashning haqiqiy tabiatini to’liq tushunishdir. Muayyan yuridik mutaxassislik yoki amaliyot muhitida duch kelinadigan muammolar, qilinadigan ishlarni bilish, bu kasb sizga mos keladimi-yo'qligini aniqlashda qo’l keladi. 

Ko'pgina odamlar noto'g'ri sabablar, noto’g’ri bildirilgan fikrlar va maslahatlarga ko'ra huquqshunos kasbini tanlashadi. Quyida to’g’ri qaror qabul qilishingiz uchun huquqshunoslar haqida ko’pchilik tomonidan aytiladigan 5 ta asosiy yolg’onlarni keltirib o’tmoqchiman:

1-yolg'on: Huquqshunos bo’lish – yuqori moliyaviy daromad keltiradi.

Haqiqatdan ham, ABAning ma’lumotlariga ko’ra, eng ko’p maosh oladigan advokat-huquqshunoslar dunyoning eng yirik yuridik korporatsiyalarida (shtatida 101 nafardan ziyod advokatlar) ishlaydi va bunday yuridik firmalar barcha yuridik firmalarning atigi 1 foizini tashkil qiladi. Biroq, bunday yirik yuridik firmalarning xodimlarni tanlab olish jarayoni ham anchagina murakkab, ular eng obro’li universitetlardan bir nechtagina eng yaxshilarni tanlab olishadi. Huquqshunoslarning asosiy ko’pchilik qismi kam miqdorda maosh to’laydigan kichik yuridik firmalarda, davlat tashkilotlarida ishlaydilar. O’zbekistonda ham statistika juda quvonarli holatda emas, ish beruvchi saytlarda keltirilgan ma’lumotlarga tayanadigan bo’lsak, huquqshunoslar uchun o’rtacha oylik ish haqi 1-1,5 mln so’m atrofiga to’g’ri keladi. Faqat juda kam yirik tashkilotlargina yuqori maoshni taklif qiladilar. 

ABAning tadqiqotiga ko’ra, yirik yuridik firmalarda ishlaydiganlar ham, o’zlarining egallab turgan o’rinlaridan rozi emaslar. Chunki, ular hafta davomida ko’p ishlashlariga, o’rtacha 60-70 soat ishlashlariga to’g’ri keladi va oylik maosh sarflangan vaqtga bo’linsa, 1 soat uchun to’lanadigan ish haqi yuqori stavkani ko’rsatmaydi. 

Davlat organlarida xizmat qiladigan huquqshunoslar esa, oylik maosh kam bo’lishiga qaramasdan o’z ish joylaridan mamnun ekanliklarini bayon qilganlar. 

2-yolg’on: Huquqshunos sifatida adolatsizlikka qarshi kurashish va insonlar hayotini yengillashtirish mumkin

Albattaki, huquqshunos sifatida jamiyat hayotiga ijobiy ta’sir ko’rsatish, ko’pgina insonlarning muammolariga yechim topishingiz mumkin. Biroq bu har doim ham emas. Aksariyat hollarda sudda sizning vazifangiz yovuzlik ustidan g’alaba qozonish emas, balki mijozingizning manfaatlaridan kelib chiqib, dalillar to’plab qonun doirasida uni himoya qilishdir. Sud qarorlari har doim ham adolatni anglatmaydi, sud qarori nima to’g’ri yoki nima noto’g’ri ekanligini ham bildirmaydi. Sud qarorida g’olib bo’lgan tarafning qonuniy asoslari bayon qilinadi xolos.

Sud tizimida shakllanib qolgan amaliyot aksariyat holatlarda sudyaning chiqaradigan qarorlariga ham ta’sir ko’rsatadi. Har qanday sudya biror ish yuzasidan o’zigacha bo’lgan sudyalarning qarorlariga e’tibor beradi. ABA so’rovnomasida qatnashgan huquqshunoslarning uchtadan ikkitasi sud tizimi so’nggi vaqtlarda haddan tashqari siyosiylashib borayotganligini bayon qilgan. 

3-yolg’on: Yaxshi bahslashadiganlardan kuchli huquqshunos (advokat) chiqadi.

Sud jarayoni (protsessi) taraflarning bahslashuvi asosiga qurilgan bo’lishiga qaramasdan, advokatning vazifasi qarshi tomon bilan og’zaki “jang”da g’olib bo’lish emas.

Advokatning maqsadi (missiyasi) - suddagi ishtirokchilarni sudda (mediator yoki hakamlar hay'ati) faktlar va qonunlarga asoslangan mantiqiy, yaxshi tayyorlangan nutq yordamida ishontirishdir. Shunday qilib, advokat sifatida muvaffaqiyat qozonish uchun “g’alabaga eltuvchi faktlar” faqat og’zaki fikrlardan iborat bo’lmaydi. 

4-yolg’on: Advokatlar qiziqarli, faol va jozibali (zamonaviy) hayot tarziga ega

Televizorda namoyish etiladigan advokatlardan farqli ravishda, real hayotdagi advokatlarning asosiy ishi sud zalidan tashqarida bajariladi. Raqamlar bilan gapirilganda, fuqarolik ishlarining 1% qismigina sudgacha yetib boradi. Ishlarning aksariyati sudgacha bo’lgan tartibda hal qilinadi.

O’rtacha advokatning hayoti aslida “jozibalilik” (zamonaviylik)dan yiroq. Ular aksariyat vaqtini “qog’oz ishlari”ga sarflashadi: turli hujjatlarni o’rganish va rasmiylashtirish, sudga tayyorlash, shikoyatlar, arizalar va boshqa turdagi hujjatlarni yozish. 

Advokatning minglab soati bir xil-muntazam ishlarga ketadi: hujjatlarni o’rganish, hujjatlar tayyorlash, sud protsessi uchun dalillar va hujjatlarni yig’ish, har bir hujjatni tahlil qilish va shu kabi ishlar.

5-yolg’on: Huqushunos kasbi doimiy takomillashib boradi va yuqori intellekt talab qiladi

Yuridik amaliyot albatta muayyan darajada intellekt talab qiladi ,  lekin huquqshunos ishining ko'p qismi bir xil va zerikarli.  Faoliyatini yangi boshlagan advokatlar, asosan katta kompaniyalarda,  bir xil ish bo'yicha hujjatlar va zerikarli izlanishlar bilan ko'milib qolishadi. Bunday xodimlar kun davomida o'z ish vaqtlari hisobini 6 minutdandan 15 minutgacha bo’lgan aniqlikda yuritishlari lozim.

Maqola internet materiallari asosida tayyorlandi. 

Manba: 5 Myths Regarding the Practice of Law, muallif: Sally Kane, advokat, muharrir va yozuvchi. “Paralegal Today” xalqaro jurnalining bosh muharriri

Erkin tarjima qilindi.

Keyingi maqolalarda huquqshunos kasbini ijobiy xususiyatlari haqida so’z boradi. 

Hamidulla Ziyoyev

 

yangilik
  • Поделиться

0 комментарии


Нравится журнал? Подпишись!

Самое интересное 2 раза в месяц на ваш e-mail